Oʼzbekiston Milliy olimpiya qoʼmitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda oʼtkazilgan mazkur tadbirda yil davomida oʼzbek sporti rivoji yoʼlida ulkan hissa qoʼshgan, uning dovrugʼini dunyoga yanada tanitgan fidoyilarimiz taqdirlandilar. Tadbirning ochilish marosimida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi, Oʼzbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Narbaeva soʼzga chiqdi.
“Ortda qolgan yil oʼzbek sporti uchun unutilmas voqeliklarga boy boʼldi. Vakillarimiz ayni paytgacha Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya oʼyinlariga 32 ta yoʼllanma olishdi. Bu borada Oʼzbekiston Milliy olimpiya qoʼmitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi muhtaram Prezidentimiz bergan topshiriqlar asosida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirmoqda. Umid qilamizki, yangi Olimpiya yili sportchilarimiz uchun yanada omadli va zafarli gʼalabalarga boy boʼladi”, – dedi Tanzila Narbaeva.
Tadbir avvalida sportchilarimiz turli raqslar bilan kechaning badiiy qismini ochib berishdi. Shundan soʼng tadbirning asosiy qismiga navbat berildi. Unda “Milliy sport mukofoti-2019” taqdirlash marosimining 19 yoʼnalishi va 1 maxsus sovrini boʼyicha oʼz gʼolib va sovrindorlarini aniqlab oldi. Quyida har bir nominatsiya gʼoliblari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
“Yilning eng yaxshi terma jamoasi”: Boks boʼyicha Oʼzbekiston milliy terma jamoasi.
“Yilning eng yaxshi federatsiyasi”: Oʼzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi.
“Sport tadbirlarini tashkil etish boʼyicha eng yaxshi tashkilotchi”: Oʼzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi.
“Joylarda (hududlarda) sportni rivojlantirishga qoʼshgan hissasi uchun”: Qoraqalpogʼiston Respublikasi.
“Sport sohasini rivojlantirishga qoʼshgan hissasi uchun”: “Qizilqum-tsement” АJ.
“Yil kashfiyoti”: Oʼzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi.
“Yilning eng yaxshi sport loyihasi”: “Humo-Аrena” koʼptarmoqli muz saroyi.
“Eng faol sport targʼibotchisi”: Xilola Isakova, “MY5” telekanali muxbiri.
“Yilning eng yaxshi sport jurnalisti”: Zohid Karimov, “Sport” TV.
“Yilning eng yaxshi ijtimoiy roligi uchun”: Shuhrat Аbdumanov.
“Yilning eng yaxshi sport shifokori”: Sunnatilla Yulchiev – Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi professori, travmatolog.
“Xalqaro maydonlarda oʼzbek sportini targʼib qilgani uchun”: Eldor Shomurodov.
“Yilning eng yaxshi paralimpiyachisi”: Timur Giyazov.
“Yilning eng yaxshi murabbiyi”: Ravshan Roʼziqulov – yunon-rum kurashi boʼyicha Oʼzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi.
“Yilning eng yaxshi yosh va istiqbolli sportchisi”: Zaynab Dayibekova – qilichbozlik (sablya) boʼyicha Oʼzbekiston terma jamoasi aʼzosi.
“Yilning eng yaxshi hakami”: Tohir Gulyamov – sport kurashlari boʼyicha xalqaro toifadagi hakam.
“Yilning eng yaxshi ayol sportchisi”: Dilnoza Rahmatova.
“Yilning eng yaxshi erkak sportchisi”: Bahodir Jalolov.
“Sport sohasidagi koʼp yillik xizmatlari uchun”: Oksana Chusovitina.
Shuningdek, Tanzila Narbaeva yurtimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirish yoʼlida qoʼshgan hissasi uchun Oʼzbekiston Milliy olimpiya qoʼmitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining maxsus sovrini bilan taqdirlandi.
Barcha sovrinlar oʼz egalariga topshirilgach “Yalla” guruhi, Ulugʼbek Rahmatullaev, Rayhon, Ozodbek Nazarbekov kabi xalqimiz suygan qoʼshiqchilar oʼz ijodlaridan eng sara qoʼshiqlarni bayram kechasining ishtirokchilariga taqdim qilishdi. Shu tariqa barcha sport fidoyilarini birlashtirgan kecha bayramona kayfiyatda yakunlandi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha HARAKATLAR STRATEGIYASI
Sport sohasida yangiliklardan xabardor bo‘lishni xohlaysizmi?
Elektron pochtangizni kiriting va bizning yangiliklarimiz hamda foydali maslahatlarimizga to'g'ridan to'g'ri saytimiz orqali obuna bo'ling:
09.07.2024 | 13:47